Moliya

O‘zbekistonda aliment hisoblash tartibini o‘zgartirish taklif etildi

O‘zbekistonda aliment hisoblash tartibini o‘zgartirish taklif etildi
O‘zbekistonda aliment hisoblash tartibini o‘zgartirish taklif etildi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda aliment hisoblash tartibini o‘zgartirish, uning miqdorini ota-onaning oylik daromadiga bog‘lashdan voz kechish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Senatning yalpi majlisida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxanova maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-onalar haqiqiy daromadlarini yashirib, rasmiy ravishda kam maoshli ishga joylashish orqali aliment miqdorini kamaytirishga uringan holatlar ko‘paygan.

Shu munosabat bilan bolalarning har bir yosh toifasi uchun minimal isteʼmol to‘plamini belgilash taklif etilmoqda. Bunday holatda aliment miqdorini faqat ota yoki onaning ish haqidan kelib chiqib emas, balki bola uchun zarur bo‘lgan isteʼmol savati hisobga olingan holda belgilash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, hozirda Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshirilayotgan alimentlarni undirish bilan bog‘liq ayrim funksiyalarni xususiy sektorga o‘tkazish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.