O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Mirziyoyev ShHT sammitida yangi tashabbuslarni taklif qildi

Dilafro'z Niyazova · 01.09.2026 · 19:33 · 54 views
Mirziyoyev ShHT sammitida yangi tashabbuslarni taklif qildi
Mirziyoyev ShHT sammitida yangi tashabbuslarni taklif qildi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yigʻilishida ishtirok etdi.

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida oʻtgan tadbirda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda ShHT bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ularbek Sharsheyev ham qatnashdilar etdilar.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilotning 25 yillik faoliyati davomida erishilgan yutuqlar, barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish va birgalikdagi taraqqiyotni davom ettirish borasidagi istiqbolli vazifalar muhokama qilindi. Eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham ochiq fikr almashildi.

Majlisda delegatsiyalar rahbarlari Prezident Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladilar. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ichki islohotlar, mamlakat barqarorligi, xavfsizligi va ravnaqini mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan pragmatik va ochiq tashqi siyosat yuksak baholandi.

Oʻzbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarini qutlar ekan, qardosh Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti va xalqiga davlat suverenitetining 35 yilligi munosabati bilan eng ezgu tilaklarini bildirdi. Mamlakat jadal surʼatlarda rivojlanib, uning xalqaro maydondagi nufuzi izchil yuksalib borayotganini alohida taʼkidladi. Qirgʻizistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida erishilgan samarali natijalarni yuqori baholab, majlis kun tartibi va qarorlar loyihalarini qoʻllab-quvvatladi.

Prezidentimiz tashkilot chorak asr davomida oʻzining zarurligi va samaradorligini namoyon etganini qayd etdi. ShHT “Shanxay ruhi” tamoyillariga amal qilgan holda, teng huquqli muloqotni taʼminladi, mintaqaviy barqarorlik va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashdi.

Oʻzbekiston ShHT tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab uning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida mustahkamlanishini izchil qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Markaziy Osiyo uning geografik va strategik oʻzagi ekanligi alohida ahamiyatga ega.

Geosiyosiy boʻlinish, ishonch taqchilligi ortib borayotgan, mojarolar keskinlashayotgan va xalqaro huquq yemirilayotgan sharoitda Yaqin Sharqda muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatish zarurligi yana bir bor qayd etildi.

Mamlakatimiz yetakchisi tashkilot oldida turgan eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

“ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishish taklif etildi.

– Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar kengayib boradigan oʻzaro bogʻliq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat boʻlishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Muhim ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish belgilandi. Mazkur xarita ishbilarmonlar, investorlar hamda davlat tuzilmalari uchun yaratilgan yagona universal raqamli darchada maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimini birlashtiradi.

Hozirning oʻzidayoq amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar qatorida ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish hamda Hukumat rahbarlari kengashi transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini shakllantirishni boshlashi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Oʻzbekiston yetakchisi XXR Raisi Si Szinpinning Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik boʻyicha butunjahon tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusini olqishlab, ShHTning ushbu yangi texnologik alyans bilan sheriklik oʻrnatishini taklif qildi. Tashkilotning ochiq koʻp tilli maʼlumotlar korpusini shakllantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, ShHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar boʻyicha forumini oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarga javoban ShHT doirasida oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi masalalari boʻyicha yagona kun tartibini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu kun tartibini ilgari surish maqsadida ShHTning kompleks dasturlar, texnologiyalar va ilgʻor bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etish taklif etildi.

2035-yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida ShHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bu yoʻnalishdagi qadamlardan biri sifatida koʻrsatib oʻtildi.

Xalqaro transport yoʻlaklarining keng tarmoqli tizimini shakllantirish maqsadida ShHTga aʼzo davlatlarning temir yoʻl makonlari integratsiyasi boʻyicha kengash taʼsis etish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash mintaqa xavfsizligi va taraqqiyotining asosiy sharti ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan ShHTning Afgʻoniston vakillari bilan muntazam muloqotini qayta tiklash tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha universal markaz toʻgʻrisidagi nizomning qabul qilinishi tashkilot institutsional rivojlanishining yangi bosqichini boshlab berishiga ishonch bildirib, markazning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼkidladi.

Qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida 2028-2030-yillarga moʻljallangan anʼanaviy sanʼat va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish boʻyicha hamkorlik dasturini tayyorlash taklif etildi.

Yakunda davlatimiz rahbari Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan tabrikladi.

Yigʻilishdan soʻng hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Xususan, Bishkek deklaratsiyasi, 2002-yil 7-iyundagi ShHT Xartiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnoma, yadroviy va jismoniy yadroviy xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi deklaratsiya hamda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlar toʻplami qabul qilindi.