O‘zbekiston

Toshkent viloyati hokimi Belarusga ishchi tashrif bilan bordi

Toshkent viloyati hokimi Belarusga ishchi tashrif bilan bordi
Toshkent viloyati hokimi Belarusga ishchi tashrif bilan bordi / Foto: Toshkent viloyati hokimligi.

Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasida ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif dasturidan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan uchrashuvlar hamda muzokaralar o‘rin olgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Tashrifning dastlabki qismida Zoir Mirzayev Belarusda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi. Suhbat davomida o‘zbekistonliklarning mehnat sharoitlari, rejalari va ularni qiziqtirgan masalalar muhokama qilindi. Delegatsiya, shuningdek, Belarusda o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Shundan so‘ng delegatsiya Minsk avtomobil zavodiga (MAZ) tashrif buyurib, korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Bosh direktor Valeriy Ivankovich boshchiligidagi zavod rahbariyati bilan uchrashuvda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, maxsus texnika ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, jamoat transporti parkini yangilash va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat hokimi MAZning O‘zbekiston bozoridagi faoliyatiga alohida to‘xtalib, Toshkent viloyatida yangi ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish va mavjud korxonalar quvvatlaridan foydalanish orqali hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.

Hokimlik maʼlumotlariga ko‘ra, Nurafshon shahridagi «Nurafshon maxsus texnika» korxonasi negizida MAZ shassilariga kommunal va maxsus texnikalarni yig‘ishni tashkil etish mumkin. Chiqindilarni tashuvchi maxsus avtomobillar, avtotsisternalar va kran-manipulyatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi viloyat shaharlarida jamoat transporti va yuk avtomobillari parkini yangilashdan iborat. Viloyat tomoni hududlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda avtobuslar va yuk avtomobillarini bir necha yillik bo‘lib to‘lash sharti bilan yoki lizing asosida yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Hokimlik baholashicha, bunday yondashuv transport infratuzilmasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish va transport korxonalarining moliyaviy yukini kamaytirish imkonini beradi. Shuningdek, Toshkent viloyatida MAZ texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazi va ehtiyot qismlar omborini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar mahalliy korxonalarda avtomobil ramalari uchun detallar va turli metall buyumlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi. Texnik mutaxassislarni tayyorlash, muhandislar o‘rtasida tajriba almashish va kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Zoir Mirzayev taʼkidlaganidek, MAZ bilan hamkorlik viloyat sanoatini diversifikatsiya qilish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, investitsiyalarni jalb etish va qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun muhim ahamiyatga ega.

MAZ ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Zavod og‘ir yuk avtomobillari, avtobuslar, trolleybuslar, kommunal va maxsus texnikalar ishlab chiqaradi. Korxona mahsulotlari orasida maxsus uskunalar o‘rnatish uchun mo‘ljallangan shassilar, zamonaviy avtobuslar va elektr transport vositalari ham bor.

Tashrif doirasida Zoir Mirzayev Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich bilan ham uchrashdi. U hukumatda sanoat, energetika, o‘rmon xo‘jaligi va ilm-fan sohalariga masʼul hisoblanadi.

Viktor Karankevich Toshkent viloyati delegatsiyasini qutlab, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Uchrashuvda Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari asosiy eʼtibor markazida bo‘ldi. Tomonlar investitsiyalarni jalb qilish va tajriba almashish masalalarini ham muhokama qildi.

Shuningdek, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va yangi tashabbuslarni amaliy natijalar bilan mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.