Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni tinch maqsadlarda tadqiq etish hamda ulardan foydalanishda xalqaro hamkorlik tamoyillarini belgilaydigan “Artemida” kelishuvlariga qo‘shildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri maʼlum qildi.
Hujjat 19 oktyabr kuni ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio tomonidan imzolandi.
O‘zbekiston kelishuvlarga qo‘shilgan 77-mamlakat bo‘ldi.
Baxtiyor Saidovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbusda ishtirok etish AQSH Milliy aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA), shuningdek, kelishuv ishtirokchisi bo‘lgan boshqa davlatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Hujjat, shuningdek, milliy kadrlarni tayyorlash va kosmik texnologiyalarni uzatish uchun ham imkoniyat yaratadi.