Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Gruziya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2026 yil 29 noyabr — 1 dekabr va 4–5 dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Yangi O‘zbekiston — global savdo yo‘llari chorrahasi» xalqaro biznes-forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Palata raisining maslahatchisi Alisher Shayxov, Gruziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor vakili Irakli Kvanchaxadze, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Gruziyaning savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari hamda vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, texnologiyalar va tajriba almashish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Tadbirkorlarning uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bo‘lajak forum samaradorligini oshirish maqsadida tomonlar ishtirokchi kompaniyalarni oldindan saralash va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash zarurligini taʼkidladilar. Shuningdek, tadbir yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning bajarilishini nazorat qilish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar forumga tayyorgarlik jarayonini muvofiqlashtirish, savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish va O‘zbekiston hamda mintaqa mamlakatlari tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib oldilar.