Shoshilinch
Iqtisod

Farg‘ona viloyati UZKORO kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytiradi

Farg‘ona viloyati UZKORO kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytiradi
Farg‘ona viloyati UZKORO kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Farg'ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov UZKORO kompaniyasi rahbari Pek Son Kvon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, viloyat taʼlim muassasalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Xayrullo Bozorov O‘zbekiston Prezidentining yaqinda Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka yangi surʼat bag‘ishlaganini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi mintaqalararo aloqalarni kengaytirish va koreyalik investorlar ishtirokida Farg‘ona viloyatida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Uchrashuv davomida UZKORO kompaniyasining viloyatdagi faoliyati haqida maʼlumot berildi. Xususan, kompaniya Koreyaning SNC Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan hasharotlar va viruslardan himoya qiluvchi vositalarni Farg‘ona shahridagi to‘qqizta taʼlim muassasasiga beg‘araz o‘rnatish loyihasini amalga oshirishni boshladi.

Tomonlar keyingi bosqichda bunday ishlar yana-da keng ko‘lamda davom ettirilishini taʼkidladi.

Uchrashuv ishtirokchilari qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.

Muzokaralar yakunida Farg‘ona viloyati va UZKORO kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.