Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 19 oktyabr kuni Samarqandda Welcome & Orientation kirish sessiyasi bo‘lib o‘tdi. U AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi Amerika delegatsiyasining tashrifi doirasida C5+1 biznes-dasturiga start berdi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Tadbir vazirlik va Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi ishtirokida tashkil etildi. Ochilish marosimida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov investitsiyaviy va texnologik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi hamda idora qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Biznes-dasturda 400 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etmoqda. Ular orasida 100 dan ziyod Amerika kompaniyasi, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan qariyb 100 ta kompaniya va O‘zbekistonning 200 ta korxonasi bor.
Ishtirokchilarga AQSH Savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. Wabtec, Franklin Templeton, Traxys va Aquatech kompaniyalari rahbarlari ham hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrlarini taqdim etdilar.
Dastur oltita yo‘nalishni qamrab oladi: raqamli texnologiyalar; taʼlim va sog‘liqni saqlash; mineral resurslar; energetika va transport; qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik; moliya va investitsiyalar.
Tadbir doirasida B2B formatida kompaniyalar o‘rtasida, shuningdek, biznes va davlat tuzilmalari o‘rtasida hamkorlikni nazarda tutuvchi B2G formatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.