7
Iqtisod

O‘zbekiston Koreyadagi ko‘rgazmada elektrotexnika sanoatini namoyish etdi

O‘zbekiston Koreyadagi ko‘rgazmada elektrotexnika sanoatini namoyish etdi
O‘zbekiston Koreyadagi ko‘rgazmada elektrotexnika sanoatini namoyish etdi / Foto: Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Korea Electronics Show 2026 xalqaro ko‘rgazmasida o‘z elektrotexnika sanoatining salohiyatini namoyish etdi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi Road Show formatida taqdimot o‘tkazdi, shuningdek, xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar tashkil etdi. Janubiy Koreyada malaka oshirayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi.

Taqdimot davomida ishtirokchilarga mahalliylashtirilgan elektrotexnika mahsulotlari, energetika va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari sohalaridagi istiqbolli loyihalar, shuningdek, xorijiy investorlar va texnologik hamkorlar uchun mavjud imkoniyatlar tanishtirildi.

Tadbirda xorijiy kompaniyalar vakillari, investorlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Sanoat tarmog‘ining rivojlanishi haqidagi videomaterial auditoriyada qiziqish uyg‘otdi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari F. Abdualimov Janubiy Koreyaning Samwha Electric Co., Ltd. va DONGWOO ROBOT kompaniyalari, shuningdek, Yaponiyaning Mitsubishi Chemical Advanced Materials kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar elektrotexnika sanoatidagi hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda robototexnika, elektron komponentlar va yangi materiallar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uyushma xorijiy texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik O‘zbekistonda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va tarmoqning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini yuksaltirishga xizmat qilishidan umid qilmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zeltexsanoat” tashabbusi bilan Janubiy Koreyada malaka oshirayotgan 20 nafar tinglovchi ham ko‘rgazmaga tashrif buyurdi.

Ular uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari, yarimo‘tkazgich texnologiyalari va yetakchi jahon kompaniyalarining innovatsion yechimlari bilan tanishdi.

Amaliy dastur nazariy bilimlarni mustahkamlash, xalqaro tajribani o‘rganish va mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.