Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ijrochi katta vitse-prezidenti Miyadzaki Katsura boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston — Yaponiya markazining filiali ochildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
“Qo‘qon” xalqaro aeroportida delegatsiyani Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov kutib oldi.
Tashrif dasturidan viloyat rahbariyati bilan uchrashuv, taʼlim muassasasi faoliyati bilan tanishish, yangi markazning ochilish marosimi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qilish o‘rin oldi.
Qo‘qon shahrida JICA vakillari «Turon ilm-odob» nodavlat taʼlim muassasasi faoliyati bilan tanishdilar. Delegatsiya taʼlim olish uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayoni va Yaponiya taʼlim tizimi tajribasiga asoslangan usullar bilan tanishdi.
Ushbu muassasada o‘quvchilarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish va sifatli taʼlimni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qo‘qondan tashqari, Furqat, O‘zbekiston va Oltiariq tumanlarida ham muassasa filiallari faoliyat yuritadi. Ularda 3 mingdan ortiq o‘quvchi taʼlim oladi.
Qo‘qon shahrida O‘zbekiston — Yaponiya markazi filialining tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Xayrullo Bozorov, Miyadzaki Katsura, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kendzӣ Xirata hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Xayrullo Bozorov yangi markaz O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik iqtisodiyot, taʼlim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va madaniyat sohalarida rivojlanib borayotgani qayd etildi. Bu jarayonda JICA ham muhim o‘rin tutadi.
Qo‘qon shahridagi filial shahar va Farg‘ona vodiysi aholisiga yapon tilini o‘rganish, biznes-treninglar va taʼlim dasturlarida qatnashish, shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda ishtirok etish imkonini beradi.
Markazda har yili 200 nafardan ortiq yosh taʼlim olishi mumkin. Dasturlar Yaponiyada o‘qishni davom ettirish va ushbu mamlakatda ishga joylashish uchun ham imkoniyatlar yaratadi.
Tadbirkorlar esa Yaponiya biznesi tajribasi bilan tanishish, yapon ishbilarmon doiralari bilan aloqalar o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xayrullo Bozorov markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, uning dasturlarini viloyatdagi taʼlim muassasalari va tadbirkorlik hamjamiyati bilan o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Kendzӣ Xirata va Miyadzaki Katsura O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, taʼlim va tadbirkorlik sohalarida yangi tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yangi markaz Farg‘ona vodiysida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish maydoniga aylanadi.
Marosimdan so‘ng ishtirokchilar markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Tashrif doirasida Xayrullo Bozorov Kendzӣ Xirata va Miyadzaki Katsura bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish, Farg‘ona viloyatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Xayrullo Bozorov O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikda Farg‘ona viloyati ishtirokini kengaytirish, shuningdek, yapon hamkorlar bilan yangi investitsiyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Farg‘ona viloyati JICA dasturlari va loyihalarida faol ishtirok etishga tayyorligini ham bildirdi. Uchrashuvda istiqbolli qo‘shma tashabbuslar va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, istiqbolli qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Qo‘qon shahrida O‘zbekiston — Yaponiya markazi filialining ochilishi taʼlim, biznes va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qayd etildi.