Shoshilinch
Iqtisod

O‘zbekiston va Petrocas Energy Group yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Petrocas Energy Group yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirishni muhokama qildi
O‘zbekiston va Petrocas Energy Group yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 9 oktyabr kuni Petrocas Energy Group boshqaruvchi hamkori Ivane Nakaidze bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar mamlakatda avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini va zamonaviy yonilg‘i infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘ylab sifat va xavfsizlikning xalqaro standartlariga javob beradigan zamonaviy yonilg‘i quyish shoxobchalari hamda yo‘lbo‘yi servis majmualarini barpo etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, O‘zbekiston bozoriga yetakchi Amerika kompaniyalari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Petrocas Energy Group Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Qora dengiz mintaqasida neft mahsulotlari hamda yonilg‘i logistikasi va savdosi bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya, shuningdek, xalqaro GULF brendining mintaqadagi eksklyuziv hamkori va litsenziya egasi hisoblanadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.