Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi (IAC-2026) doirasida O‘zbekiston vakillari NASA rahbariyati bilan uchrashib, kosmik sohadagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, “O‘zkosmos” agentligi direktori Shuhrat Qodirov va NASA maʼmur o‘rinbosari Mett Anderson ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va AQSHning kosmik sohadagi joriy ustuvor yo‘nalishlari, istiqbolli qo‘shma loyihalar va tashabbuslar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlaridan samarali foydalanish, Yerni masofadan zondlash, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar NASAning 2028 yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan IAC-2028 Xalqaro astronavtika kongressida ishtirok etishini alohida muhokama qildi.
Jumladan, uchrashuv ishtirokchilari mazkur xalqaro tadbir doirasida qo‘shma loyihalar va ilmiy-texnik tashabbuslarni taqdim etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kosmik sohada uzoq muddatli va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, mavjud aloqalarni mustahkamlash hamda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surishdan manfaatdor ekanini bildirdi.