Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Hududgazta‘minot” AJ 3,73 milliondan ortiq xonadon va ijtimoiy sohaga oid qariyb 2 mingta obyektni suyultirilgan gaz bilan taʼminlamoqda. Bu haqda kompaniyaning suyultirilgan gaz bilan taʼminlash departamenti boshlig‘i Akmal Jo‘rayev OAV uchun Kontent tayyorlash markazidagi brifingda maʼlum qildi.
2026 yil yanvar–sentyabr oylarida isteʼmolchilarga 398 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 93 ta gaz to‘ldirish obyekti va gaz saqlash rezervuarlari tayyor holatga keltirildi, zarur moddiy-texnik zaxiralar shakllantirildi. Hududlarda, shuningdek, 24 mingta maishiy gaz ballonidan iborat zaxira yaratildi.
2026–2027 yillar isitish mavsumida isteʼmolchilarga 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Ushbu hajmning 8,2 ming tonnasi 229 ta olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq hamda ovullardagi 104,7 ming nafar isteʼmolchi uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Kompaniya taʼkidlashicha, gazni qabul qilish va saqlashdan tortib, ballonlarni to‘ldirish hamda ularni isteʼmolchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha taʼminot bosqichlarini muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolarning suyultirilgan gaz bilan taʼminlashga oid murojaatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
2026 yilning to‘qqiz oyi davomida Prezidentning Virtual qabulxonasi orqali suyultirilgan gaz taʼminoti masalalari bo‘yicha 18 323 ta murojaat kelib tushgan. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, ularning 98 foizi ijobiy hal etilgan, qolgan murojaatlar bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, murojaatlar soni kamaygan. Agar iyun–iyul oylarida 6 693 ta murojaat ro‘yxatga olingan bo‘lsa, avgust–sentyabr oylarida ularning soni 3 974 tani tashkil etgan. Shu tariqa ko‘rsatkich 2 719 ta murojaatga yoki 40,6 foizga kamaygan.
Aholi bilan o‘zaro hamkorlikni yaxshilash maqsadida kechayu kunduz ishlaydigan koll-markazlar operatorlari soni 62 nafardan 93 nafarga oshirildi. Hududlarda «mahallaning yettiligi» bilan hamkorlikda Telegram guruhlari orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, rahbarlar va mutaxassislarning shaxsiy hamda sayyor qabullari o‘tkazilmoqda.
“Hududgazta‘minot”da gaz yetkazib berishni nazorat qilishning raqamli vositalari ham joriy etilmoqda. Gaz to‘ldirish obyektlariga gaz kelib tushishi “E-Gaz” elektron tizimida qayd etiladi. Manzilli yetkazib berishda oluvchining shaxsi Face ID orqali tasdiqlanadi. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, bu hisob-kitob aniqligini oshirish, inson omili taʼsirini kamaytirish va yetkazib berish jarayonining shaffofligini taʼminlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish choralari amalga oshirilmoqda. Xususan, gazni birja savdolari orqali xarid qilish, xususiy tadbirkorlarni yetkazib berish jarayoniga jalb etish va raqobatni rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Andijon viloyatida pilot loyiha doirasida xususiy operatorlarni import qilingan suyultirilgan gazni maishiy ballonlarda isteʼmolchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish jarayoniga jalb etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, “Hududgazta‘minot” ishtirokida “LPG-Trade” MCHJ tashkil etilmoqda. 2026 yil 1 noyabrdan kompaniya aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazni birjaning alohida savdo maydonchasi orqali xarid qilishni boshlashi va keyinchalik uni isteʼmolchilarga yetkazib berishi kerak. Zarur hollarda ochiq birja savdolari orqali qo‘shimcha xaridlarni amalga oshirish ham nazarda tutilgan.
Bunda aholi uchun davlat tomonidan tartibga solinadigan gazning chakana narxi bilan uni yetkazib berishning iqtisodiy asoslangan xarajatlari o‘rtasidagi farq respublika byudjeti hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish, amaldagi imtiyozlarni saqlab qolish nazarda tutilgan.
Suyultirilgan gaz va maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlash masalalari bo‘yicha isteʼmolchilar 1104 qisqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Kompaniya murojaatda masalani tezkor ko‘rib chiqish imkoni bo‘lishi uchun aniq manzil va bog‘lanish uchun telefon raqamini ko‘rsatishni tavsiya qilmoqda.