Iqtisod

Farg‘onada 3,2 mlrd so‘mlik soliq qarzi bekor qilindi

Farg‘onada 3,2 mlrd so‘mlik soliq qarzi bekor qilindi
Farg‘onada 3,2 mlrd so‘mlik soliq qarzi bekor qilindi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida “S.Q.M” MCHJning noqonuniy takroriy tekshiruv natijalariga ko‘ra hisoblangan 3,2 mlrd so‘m miqdoridagi soliq qarzi bekor qilindi. Tekshiruv o‘tkazgan mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Vaziyat korxona rahbarining 1100 raqami orqali qilgan murojaatidan so‘ng o‘rganib chiqildi. Holatlarni o‘rganish davomida “S.Q.M” MCHJ faoliyati 2023 yil dekabr oyidayoq Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida nazorat inspeksiyasining Sharqiy hududiy boshqarmasi tomonidan tekshirilgani aniqlandi.

Avvalgi tekshiruv o‘tkazilganiga qaramay, inspektor korxona faoliyatini 2020–2025 yillar davri uchun qaytadan o‘rgangan. Bunda, Biznes-ombudsman taʼkidlaganidek, mansabdor shaxs nazorat tadbirlarini o‘tkazishning buyruq bilan belgilangan muddatlarini buzgan.

Takroriy tekshiruv natijasida korxonaga 3,2 mlrd so‘m miqdorida soliq qarzi hisoblangan.

Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan 40 BHM miqdorida maʼmuriy jarima tayinlangan.

Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi ish materiallarini ko‘rib chiqib, inspeksiya mansabdor shaxslarining harakatlarini noqonuniy deb topdi va tekshiruv dalolatnomasini bekor qildi.

Natijada mazkur tekshiruv yakunlari bo‘yicha “S.Q.M” MCHJga hisoblangan 3,2 mlrd so‘m miqdoridagi soliq qarzi bekor qilindi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.