Shoshilinch
Iqtisod

JBIC transport sohasidagi ikki loyihani moliyalashtirishni rejalashtirmoqda

JBIC transport sohasidagi ikki loyihani moliyalashtirishni rejalashtirmoqda
JBIC transport sohasidagi ikki loyihani moliyalashtirishni rejalashtirmoqda / Foto: O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov 7 oktyabr kuni Yaponiya Xalqaro hamkorlik banki (JBIC) delegatsiyasi bilan uchrashdi. Delegatsiyaga bankning katta boshqaruv direktori, direktorlar kengashi aʼzosi Xiroki Sekine boshchilik qildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.

Tomonlar transport sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Xiroki Sekine Yaponiya bankining O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etishga qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin uch yil davomida JBIC respublikadagi 14 ta loyihani moliyalashtirishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Ularning ikkitasi transport sohasiga taalluqli.

Uchrashuv davomida “O‘zaeronavigatsiya” DUK ehtiyojlari uchun havo harakatini boshqarish tizimlarini yetkazib berish» hamda «Toshkent yangi xalqaro aeroportini qurish» loyihalarining joriy holati batafsil ko‘rib chiqildi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun JBIC mablag‘larini jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar transport sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda istiqbolli tashabbuslar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.