Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi yangi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.
2026 yil 14 oktyabrda qabul qilingan O‘RQ-1181-son hujjat Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari, sudyalarni saylash tartibi va qabul qilingan qarorlarning kuchga kirish qoidalarini belgilaydi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qonunga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud qonunlar, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezidentning farmon va qarorlari, shuningdek, Hukumat hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshiradi.
Sudning vakolatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston qonunlariga muvofiqligini tekshirish ham kiradi. Bundan tashqari, Oliy sud tashabbusi bilan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi murojaatlar ham ko‘rib chiqiladi.
Konstitutsiyaviy sud o‘z vakolatlari doirasida Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish huquqiga ega.
Hujjatga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud sudyalari 10 yil muddatga saylanadi. Bunda har bir sudya alohida saylanadi. Sud tarkibi rais va uning o‘rinbosarini ham qo‘shgan holda to‘qqiz nafar sudyadan iborat bo‘ladi.
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari va xulosalari rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qonun rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Shu bilan birga, uning ayrim normalari, jumladan, 29-modda, 58-moddaning ikkinchi qismi va 59-modda 2028 yil 1 yanvardan amal qila boshlaydi.