O‘zbekiston

Qashqadaryoda soliq inspektorlari 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda

Qashqadaryoda soliq inspektorlari 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda
Qashqadaryoda soliq inspektorlari 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda / Foto: Soliq qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qashqadaryo viloyatida soliq inspektorlari soliq to‘lovchilardan ularning qarzdorligini so‘ndirish uchun olingan 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Bu holat tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlangan.

Tekshiruvni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qarshi shahar bo‘limi o‘tkazgan.

Tekshiruv maʼlumotlariga ko‘ra, bosh soliq inspektori bo‘lib ishlagan M. A., Sh. T. va boshqalar 97 nafar soliq to‘lovchidan pul mablag‘larini olgan. Jami ularga soliq qarzdorligini so‘ndirish uchun 122,6 mln so‘m berilgan.

Biroq olingan mablag‘lar soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinmagan. Tekshiruv maʼlumotlariga ko‘ra, pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.