7
O‘zbekiston

O‘zbekistonda ish joyidagi tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishga qarshi milliy dastur boshlandi

O‘zbekistonda ish joyidagi tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishga qarshi milliy dastur boshlandi
O‘zbekistonda ish joyidagi tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishga qarshi milliy dastur boshlandi / Foto: UNFPA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda xodimlarning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ish joyida tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olishga qaratilgan milliy dasturni amalga oshirish boshlandi. Uni joriy etishning amaliy masalalari Toshkentda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning qariyb 70 nafar vakili ishtirokida muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisining bosh koordinatori Nazimaxon Davletova o‘zaro hurmat madaniyati har bir tashkilotda meʼyorga aylanishi kerakligini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islohot jinsidan qatʼi nazar, insonlar va institutlar o‘rtasida hurmatga asoslangan munosabatlarni shakllantirishga qaratilgan. Davletova bunday madaniyat sog‘lom jamiyatni barpo etish va Yangi O‘zbekiston uchun malakali kadrlar tayyorlashga zamin yaratishini qayd etdi.

Dastur doirasida 2026 yil dekabriga qadar «Xavfsiz va o‘zaro hurmatga asoslangan ish muhiti» raqamli portali ishga tushirilishi rejalashtirilgan. U xodimlarga ish joyidagi qoidabuzarliklar haqida anonim tarzda xabar berish imkonini beradi.

Bundan tashqari, mamlakatning 14 ta hududida 700 nafar fasilitator tayyorlanadi. Ular inson resurslarini boshqarish va xavfsiz ish muhitini yaratish uchun masʼul bo‘lgan davlat tashkilotlarining 35 ming nafar xodimi uchun o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Dasturda, shuningdek, xodimlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ko‘rilgan choralarni monitoring qilish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan.

Tadbirda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazade hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mal ishtirok etdi.

Ishtirokchilar qonunchilikda belgilangan kafolatlarni xodimlarni himoya qilishning amalda ishlaydigan mexanizmlariga aylantirish va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini taʼkidladilar.

Milliy dastur 2026 yil 21 sentyabrdagi PQ-345-son Prezident qarori va 2026 yil 28 sentyabrdagi 518-son Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.