Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatidagi Hansae Mobility Turan zavodi dastlabki bosqichda UzAuto Motors kompaniyasiga Damas, Labo va Cobalt avtomobillari uchun yiliga 310 mingta tormoz va rul boshqaruvi tizimlari to‘plamini yetkazib beradi.
Korxona 14 turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Ushbu mahsulotlar 60 million dollarlik import o‘rnini bosish imkonini beradi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” AJ xabar berdi.
Ishlab chiqarish 15 ta liniyaga joylashtirilgan. Zavodda tormoz supportlari, barabanli tormoz mexanizmlari, vakuum kuchaytirgichli bosh tormoz silindrlari, rul kolonkalari va rul boshqaruvining oraliq vallari ishlab chiqariladi.
UzAuto Motors kompaniyasiga mahsulot yetkazib berishdan tashqari, korxona BYD Uzbekistan Factory uchun ham butlovchi qismlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Korxona maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Zavod sakkiz oy ichida qurib bitkazilgan. Hansae Mobility 1995 yildan buyon UzAuto Motors uchun butlovchi qismlar yetkazib keladi. Endi ushbu mahsulotlarning bir qismi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda.
Avvalroq Janubiy Koreya kompaniyasi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida zavod ochgani haqida xabar berilgan edi.
Loyihaga 30 million dollar investitsiya kiritilgan. Hozirgi vaqtda korxonada 100 nafardan ortiq kishi ishlamoqda.
2026 yil oxirigacha xodimlar sonini 140 nafarga, keyinchalik esa 250 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Kompaniya, shuningdek, o‘z mahsulotlarini Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.