Iqtisod

O‘zbekiston va Rossiya savdo va qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

O‘zbekiston va Rossiya savdo va qo‘shma loyihalarni muhokama qildi
O‘zbekiston va Rossiya savdo va qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 6 oktyabr kuni Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 27-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar savdoni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, energetika hamda ilmiy-texnologik hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Rossiya delegatsiyasiga esa Rossiya Federatsiyasi Hukumatining birinchi rais o‘rinbosari Denis Manturov rahbarlik qildi.

Yig‘ilishni ochar ekan, Jamshid Xodjayev komissiyaning avvalgi yig‘ilishidan keyin ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi kengayganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlararo komissiya mexanizmi ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

U asosiy vazifalar qatorida kelishilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish va birgalikdagi harakatlarni talab qiladigan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishni qayd etdi. Jamshid Xodjayev, shuningdek, ikki davlat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchanligini savdo sherikligini rivojlantirishning asoslaridan biri sifatida taʼkidladi.

2026 yilning sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10 foizga oshdi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan strategik maqsad tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazishdan iborat bo‘lib qolmoqda.

2026 yilda umumiy qiymati 350 million dollar bo‘lgan 17 ta qo‘shma loyihani yakunlash rejalashtirilgan. Ular kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va metallga ishlov berish sohalarida amalga oshirilmoqda.

Kun tartibining asosiy yo‘nalishlaridan biri energetika sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Xususan, tomonlar Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasini qurish, milliy mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, uskunalar va xizmatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini muhokama qildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari turistik almashinuvlar hajmi ortib borayotganini ham qayd etdi. 2025 yilda O‘zbekistonga Rossiyadan qariyb 1 million nafar sayyoh tashrif buyurdi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 27-yig‘ilishi bayonnomasi hamda Rossiya va O‘zbekistonning 2026–2040 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnologik rivojlanish strategiyasi imzolandi.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda davom etish va strategik sheriklikni mustahkamlash niyatlarini tasdiqladilar. 2027-yilda O‘zbekiston va Rossiya diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligini nishonlaydilar.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.