Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Laziz Qudratov 5 oktyabr kuni Yaponiya Bosh vazirining maxsus maslahatchisi Uno Yosimasa bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida 2025 yil dekabr oyida oliy darajadagi tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 400 million dollarni tashkil etdi. 2026 yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshib, 228,8 million dollarga yetdi.
Yaponiyalik hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar portfeli 12 milliard dollardan oshdi. Ayni paytda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi 144 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralarning alohida qismi energetika, transport sohasi va infratuzilmadagi yirik loyihalarni amalga oshirishga bag‘ishlandi.
Yaponiya tomoni, shuningdek, «Erkin va ochiq Hind-Tinch okeani mintaqasi» konsepsiyasi doirasida hamkorlikni kengaytirish taklifini bildirdi.
Mazkur tashabbus barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirishni nazarda tutadi.