Iqtisod

O‘zbekiston hududlarida innovatsion startap-parklar tashkil etiladi

O‘zbekiston hududlarida innovatsion startap-parklar tashkil etiladi
O‘zbekiston hududlarida innovatsion startap-parklar tashkil etiladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion loyihalarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish maqsadida innovatsion startap-parklar tashkil etiladi.

Tegishli chora-tadbirlar Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 oktyabrdagi 553-sonli «Innovatsion va startap loyihalar parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

Startap-parklar Taʼlim va fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tizimida davlat muassasalari shaklida faoliyat yuritadi.

Ularning faoliyati startaplar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, zarur moddiy-texnik va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Parklar hududida biznes-inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlar bir joyning o‘zida tashkiliy, yuridik, moliyaviy va marketing xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, parklar innovatsion mahsulotlarni sertifikatlash va ro‘yxatdan o‘tkazish, intellektual mulkni himoya qilish, tovarlarni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish hamda kompaniyalarning mamlakatimizdagi va xorijdagi ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga ko‘maklashadi.

Taʼlim va fan vazirligi parklarni oliy taʼlim muassasalari hamda ular huzurida tashkil etilgan startap-studiyalar bilan hamkorlikda ishlashini yo‘lga qo‘yadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mahalliy tashabbuslarni hisobga olgan holda parklarni joylashtirish uchun tuman va shaharlarni belgilaydi.

Yangi muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Parklar hududidagi ishlab chiqarish maydonlarini elektron onlayn-auksionlar orqali ijaraga berish rejalashtirilgan.

Startap-parklarni moliyalashtirish xo‘jalik faoliyati va ijaradan olinadigan daromadlar, mahalliy hokimliklar mablag‘lari, xalqaro grantlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.