Iqtisod

Uzum Market texnik nosozlikdan keyin faoliyatini tiklamoqda

Uzum Market texnik nosozlikdan keyin faoliyatini tiklamoqda
Uzum Market texnik nosozlikdan keyin faoliyatini tiklamoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzum Market marketpleysi yuqori talab davri oldidan yangi infratuzilmani sinovdan o‘tkazish vaqtida yuzaga kelgan texnik nosozlikdan keyin o‘z faoliyatini tiklashni boshladi.

Omborda buyurtmalarni yig‘ish jarayoni allaqachon qayta boshlangan. Yaqin vaqt ichida esa 7, 8 va 9 oktyabr kunlariga tegishli yuk xatlari bo‘yicha tovarlarni qabul qilish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Butun mamlakat bo‘ylab buyurtmalarni topshirish punktlari odatiy tartibda ishlashda davom etmoqda. Xaridorlar SMS-xabarnomada ko‘rsatilgan raqamni yoki buyurtma rasmiylashtirilgan shaxsning ismini aytish orqali o‘z buyurtmalarini olishlari mumkin.

Sotuvchilar ham ushbu xizmat mavjud bo‘lgan buyurtmalarni topshirish punktlari orqali tovarlarni yetkazib berish uchun omborga yuborishlari mumkin.

Kompaniya buyurtmalarni topshirish punktlarida saqlash muddatini uzaytirdi. Uzum Market sayti, mobil ilovasi va sotuvchilarning shaxsiy kabineti qachon to‘liq tiklanishi haqida qo‘shimcha maʼlumot beriladi.

Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, texnik nosozlik bir kun oldin talab yuqori bo‘ladigan davrga tayyorlanayotgan yangi infratuzilmani sinovdan o‘tkazish jarayonida yuzaga kelgan.

Uzum kompaniyasi marketpleys foydalanuvchilari va hamkorlarining maʼlumotlari himoyalanganini, ular kiberxavfsizlik talablari hamda O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq saqlanishi va qayta ishlanishini maʼlum qildi.

Sotuvchilar va xaridorlarga kompensatsiya

Uzum Market franchayzing asosidagi buyurtmalarni topshirish punktlari egalariga texnik nosozlik tufayli olinmagan daromadni qoplab berishni vaʼda qildi. Bundan tashqari, sotuvchilar uchun tovarlarni logistika orqali yetkazish va saqlash xizmatlari oktyabr oyi oxirigacha bepul bo‘ladi.

Texnik nosozlik sababli buyurtmalarini olish imkoniga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar marketpleysdagi keyingi xaridlari uchun promokodlarga ega bo‘ladilar.

Kompaniya yuzaga kelgan noqulayliklar uchun xaridorlar va sotuvchilardan uzr so‘radi hamda ularga sabr-toqat ko‘rsatganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.