Iqtisod

O‘zbekiston va Xitoy $400 mlnlik kelishuvlarni imzoladi

O‘zbekiston va Xitoy $400 mlnlik kelishuvlarni imzoladi
O‘zbekiston va Xitoy $400 mlnlik kelishuvlarni imzoladi / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Nukus shahrida «O‘zbekiston — Xitoy» mintaqalararo savdo-iqtisodiy forumi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati $400 milliondan ortiq bo‘lgan qator kelishuvlar imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Forum 26 sentyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan hamkorlikda tashkil etdi.

Forumda O‘zbekiston va Xitoy davlat organlari hamda ishbilarmon doiralarining 400 ga yaqin vakili ishtirok etdi.

Xitoy tomonidan, xususan, Shensi provinsiyasi delegatsiyasi, SilkRoad Industrial Cooperation Center, Shaanxi Yulin Energy Group va China Civil Engineering Construction Corporation vakillari qatnashdi.

Xitoylik ishtirokchilarga Qoraqalpog‘istonning investitsiya salohiyati, mintaqaning resurs bazasi, investorlar uchun amal qilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari va imtiyozlar, shuningdek, istiqbolli loyihalar taqdim etildi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida tomonlar tog‘-kon sanoati, geologiya, axborot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Forum yakunlari bo‘yicha $400 milliondan ortiq summadagi kelishuvlar rasmiylashtirildi. Hujjatlar yuqorida qayd etilgan va O‘zbekiston hamda Xitoy hamkorlari o‘rtasidagi hamkorlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.