Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Eutelsat OneWeb sunʼiy yo‘ldosh aloqasi, raqamli infratuzilma va zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalari sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Hujjat Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning 24 sentyabr kuni Eutelsat OneWeb rahbariyati bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha imzolandi. Muzokaralarda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Valid Fuk va Fransiya–O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (CCIFO) prezidenti Alisher Haitmetov ham ishtirok etdi.
Tomonlar telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirish va yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatini oshirish uchun sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi. Xususan, aholi punktlari, maktablar va tibbiyot muassasalarini internetga ulash uchun GEO va OneWeb LEO yechimlari ko‘rib chiqildi.
Transport va aviatsiya sohalarida sunʼiy yo‘ldosh kanallaridan foydalanish, shuningdek, milliy telekommunikatsiya tarmoqlari, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari va muhim infratuzilma obyektlari uchun qo‘shimcha hamda zaxira aloqa kanallarini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, bunday yechimlar milliy aloqa tizimlarining barqarorligini oshirishi va xalqaro zaxira aloqasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonni nafaqat mamlakat ichida, balki mintaqa davlatlariga ham sunʼiy yo‘ldosh xizmatlarini ko‘rsata oladigan mintaqaviy telekommunikatsiya markaziga aylantirish istiqboli muhokama qilindi.
Eutelsat OneWeb O‘zbekiston bilan mahalliy hamkor UZSAT orqali allaqachon hamkorlik qilib kelmoqda. Kompaniya mamlakatda o‘z xizmatlarini joriy etishga tayyorligini bildirib, ular yaqin vaqt ichida faollashtirilishini kutmoqda.
Eutelsat OneWeb delegatsiyasi tarkibiga MENA, Markaziy Osiyo va Xitoy mintaqalarida savdo masalalari bo‘yicha vitse-prezident Hani El Ardja va savdo bo‘yicha katta direktor Ahmet Eren kirdi.
Tomonlar sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalari, telekommunikatsiyalar va raqamli transformatsiya sohalarida amaliy loyihalar ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi.