Iqtisod

Yoxannesburgda birinchi «O‘zbekiston – JAR» biznes-forumi o‘tkazildi

Yoxannesburgda birinchi «O‘zbekiston – JAR» biznes-forumi o‘tkazildi
Yoxannesburgda birinchi «O‘zbekiston – JAR» biznes-forumi o‘tkazildi  / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 22 sentyabr kuni Yoxannesburg shahrida davlat tuzilmalari, ishbilarmonlik birlashmalari va ikki mamlakat kompaniyalari vakillarini birlashtirgan birinchi «O‘zbekiston – JAR» biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 60 dan ortiq kompaniya va tashkilot vakillari ishtirok etdi. Asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.

Ishtirokchilar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, energetika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, axborot texnologiyalari va turizmni qayd etdilar.

Shuningdek, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish, shuningdek, ikki mamlakat kompaniyalarining Markaziy Osiyo va Afrika bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari alohida muhokama qilindi.

Forum doirasida biznes vakillari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar mahsulot yetkazib berish, logistika va bojxona infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda eksportchilarni O‘zbekiston va JAR bozorlarida ilgari surish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Tadbir yakunlari bo‘yicha amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish va ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro biznes-missiyalar tashkil etishga kelishib oldilar.

Ishtirokchilar «O‘zbekiston – JAR» biznes-forumini muntazam ravishda o‘tkazib borish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladilar. Mazkur maydondan ikki mamlakat o‘rtasida yangi savdo va investitsiya tashabbuslarini ilgari surish uchun foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.