Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Uchko‘prik tumanida xitoylik investor Van Chjaolyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazib, viloyatdagi yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor import o‘rnini bosish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish sohasidagi tashabbuslarga qaratildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda, jumladan, Farg‘ona viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar Xitoy biznesining yangi ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan qiziqishini oshirayotgani taʼkidlandi.
Xususan, Xitoy tomoni misdan buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi.
Xayrullo Bozorov viloyat hokimligi aniq rejalar va iqtisodiy hisob-kitoblarga asoslangan istiqbolli tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Ushbu tashabbuslarning yangi ish o‘rinlarini yaratish va importga qaramlikni kamaytirishga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini belgilab, taklif etilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.