O‘zbekiston

Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha Beshinchi Samarqand forumi ochildi

Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha Beshinchi Samarqand forumi ochildi
Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha Beshinchi Samarqand forumi ochildi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Inson huquqlari bo‘yicha Beshinchi Samarqand forumi o‘z ishini boshladi. Joriy forum «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlik» mavzusiga bag‘ishlangan.

Tadbirda xalqaro, mintaqaviy va milliy tashkilotlarning 200 dan ortiq vakili anʼanaviy hamda onlayn formatlarda ishtirok etmoqda. Ular orasida 10 ta xalqaro tashkilot, 8 ta mintaqaviy tuzilma, xorijiy davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha 8 ta milliy instituti, shuningdek, ekspertlar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va biznes vakillari bor.

Ochilish marosimida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva, Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl so‘zga chiqdi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk hamda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi prezidenti Miryana Spolyarichning tabriklari o‘qib eshittirildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus va YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Mariya Telalyanning video murojaatlari namoyish etildi.

Forumning birinchi kuni Toshkentda ikkita yalpi majlis va parallel ravishda yettita seksiya yig‘ilishi o‘tkaziladi. Ikkinchi kuni forum Samarqand shahrida davom etadi. U yerda yakuniy yalpi majlisda yakuniy hujjat muhokama qilinib, qabul qilinadi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, YEXHT, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Tadbir o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.