Sport

47-Shaxmat Olimpiadasi 2028 yilda Abu-Dabida o‘tkaziladi

47-Shaxmat Olimpiadasi 2028 yilda Abu-Dabida o‘tkaziladi
47-Shaxmat Olimpiadasi 2028 yilda Abu-Dabida o‘tkaziladi / Foto: FIDE.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Keyingi, 47-Jahon shaxmat Olimpiadasi 2028 yilda Birlashgan Arab Amirliklarida, Abu-Dabi shahrida o‘tkaziladi.

Olimpiada bayrog‘i 46-Shaxmat Olimpiadasining Samarqanddagi yopilish marosimida keyingi musobaqa tashkilotchilariga rasman topshirildi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) xabar berdi.

Bayroqni O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Saʼdullayev topshirdi.

Bayroqni Abu-Dabi Shaxmat klubi raisi va 47-Shaxmat Olimpiadasi turnir direktori Husayn Abdulla al-Xuriy hamda Abu-Dabi Sport kengashi korporativ kommunikatsiyalar ofisi direktori, BAAdagi Olimpiadaning joylashtirish va safarlar masalalari bo‘yicha qo‘mita rahbari Abdurahim az-Zaruniy qabul qilib oldi.

Bayroqni topshirish marosimi vaqtida katta ekranlarda Abu-Dabining manzaralari namoyish etilib, marosim mehmonlariga navbatdagi Olimpiadani qabul qiladigan shahar tanishtirildi.

Marosimni yakunlar ekan, FIDE prezidenti Timur Turlov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shaxmat va Olimpiadaga ko‘rsatgan salmoqli qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.

U, shuningdek, Bosh vazir Abdulla Aripov, hukumatlar, shaxmat federatsiyalari va tashkiliy qo‘mitalarga musobaqaning o‘tkazilishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng Turlov 46-Shaxmat Olimpiadasi yakunlanganini rasman eʼlon qildi. Kecha Samarqand osmonidagi mushakbozlik va dronlar ishtirokidagi yorug‘lik shou bilan yakunlandi.

Marosim Samarqanddagi «Abadiy shahar» amfiteatrida bo‘lib o‘tdi va unda 2000 dan ortiq mehmon ishtirok etdi. Tadbirda Olimpiadaning asosiy mukofotlari topshirildi.

Ochiq turnirda O‘zbekiston terma jamoasi g‘olib bo‘lib, oltin medallar va Gamilton-Rassel kubogiga ega chiqdi.

Kumush medalni Hindiston, bronza medalni Germaniya qo‘lga kiritdi.

Ayollar turnirida birinchi o‘rinni Xitoy terma jamoasi egallab, Vera Menchik kubogini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston, uchinchi o‘rinni Hindiston terma jamoasi egalladi. Ochiq va ayollar turnirlaridagi umumiy natija bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich uchun beriladigan Gaprindashvili kubogi Hindistonga nasib etdi.

Shaxsiy mukofotlar orasida ochiq turnirning birinchi taxtasida oltin medalni o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov qo‘lga kiritdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.