Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi Aichi-Nagoya-2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlarining oltinchi kunida baydarka va kanoeda eshkak eshish musobaqalarida uchta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bu kungi birinchi medalni baydarkada bellashgan ayollar ekipaji olib keldi. 500 metr masofaga K4 dasturidagi final bahsida Yekaterina Shubina, Arina Tanatmisheva, Milana Dushev-Yanich va Shahrizoda Mavlonova ikkinchi bo‘lib marraga yetib keldi va kumush medallarga sazovor bo‘ldi.
Kanoeda eshkak eshishda yana bir kumush medalni Vladlen Denisov qo‘lga kiritdi. 500 metr masofaga yakkalik bahsida O‘zbekiston terma jamoasi vakili ham ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu medal uning joriy Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi kumush medali bo‘ldi.
Eshkak eshishdagi uchinchi kumush medalni Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zakirova qo‘lga kiritdi. Kanoeda 500 metr masofaga ayollar juftligi o‘rtasidagi bahsda o‘zbekistonlik sportchilar marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi.
Shu tariqa, Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarining oltinchi kunida O‘zbekiston vakillari eshkak eshish musobaqalarida medallar jamg‘armasini birdaniga uchta kumush medal bilan boyitdi.