Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki 24 sentyabrdan boshlab 46-Jahon shaxmat Olimpiadasi — «Samarqand 2026»ga bag‘ishlangan esdalik tangalarini sotuvga chiqaradi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.
To‘plam ikki xil tangadan — sof oltin va kumushdan tayyorlangan tangalardan iborat. Oltin tangalarning asillik darajasi 999,9 bo‘lib, har birining vazni 31,1 grammni tashkil etadi. Tiraji 100 dona bilan cheklangan.
Kumush tangalarning ham vazni 31,1 gramm, asillik darajasi esa 999,9 ni tashkil qiladi. Kumush tangalar tiraji 500 donani tashkil etadi.
Esdalik tangalarini tijorat banklari va ularning filiallaridan xarid qilish mumkin bo‘ladi. Ular alohida, shuningdek, ikki tangadan iborat kolleksion to‘plam tarkibida ham sotiladi.
Tangalarning narxi va muayyan banklarda mavjudligi haqidagi maʼlumotlarni Markaziy bank yaqin vaqt ichida o‘zining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtirishni rejalashtirmoqda.