Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Akmal Jumanazarov O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.
Yangi lavozimga tayinlanishi munosabati bilan u O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.
Jumanazarov qo‘mita raisi lavozimida Mansurjon Ibodullayevning o‘rnini egalladi.
Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi 2017 yilda tashkil etilgan. 2017 yil 20 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan.
Hujjatga muvofiq, qo‘mita zimmasiga mudofaa buyurtmalarini tashkil etish va harbiy maqsadlardagi mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.
Tuzilmaning vazifalari qatoriga O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini qurol-yarog‘, harbiy texnika va moddiy vositalar bilan taʼminlash, shuningdek, ularni yetkazib berishni tashkil etish ham kiradi.