Shoshilinch
Texnologiyalar

O‘zbekiston va OTB raqamli transformatsiya bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va OTB raqamli transformatsiya bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va OTB raqamli transformatsiya bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) raqamli transformatsiya, innovatsiyalarni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Kelishuvlar Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Arayya bilan uchrashuvida erishildi.

Tomonlar mamlakatda raqamli transformatsiyani jadallashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda OTB bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli markaz sifatidagi salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

OTB vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat rahbariyatining raqamli transformatsiyaga qaratayotgan eʼtibori va yoshlarning intellektual salohiyati raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zamin yaratayotgan omillar ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning raqamli transformatsiya sohasidagi tajribasi Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Tomonlar raqamli yechimlarni joriy etish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish va yangi texnologiyalar asosida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ko‘rib chiqdi.

Muzokaralar davomida kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalasi ham alohida muhokama qilindi. Xususan, tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida Janubiy Koreyada aloqa ofisini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

OTB, shuningdek, davlat xizmatchilarining malakasini oshirishni tizimli qo‘llab-quvvatlash, institutsional imkoniyatlarni mustahkamlash va raqamli loyihalarni amalga oshirish samaradorligini oshirish bo‘yicha rejalarini taqdim etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, rejalashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonni innovatsiyalar va ilg‘or texnologiyalarning mintaqaviy markaziga aylantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani jadallashtirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishni kengaytirish hamda mamlakatning ilg‘or texnologiyalar sohasidagi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.