Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan 2026 yilda Osiyo va Okeaniya mamlakatlarining texnologik assotsiatsiyalari hamda kompaniyalarini birlashtiruvchi Asian-Oceanian Computing Industry Organization (ASOCIO) tashkilotiga aʼzo bo‘ldi.
Aʼzolik rasmiy ravishda Startup & Venture Summit yakunlari bo‘yicha tasdiqlandi. ASOCIO raisi Stan Singh-Jit IT Park Uzbekistan vakiliga tashkilotga aʼzolik to‘g‘risidagi rasmiy sertifikatni topshirdi.
ASOCIO Osiyo va Okeaniya mamlakatlaridagi 25 ta ixtisoslashgan assotsiatsiyani birlashtiradi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi 20 mingdan ortiq kompaniyani qamrab oladi.
IT Park Uzbekistan‘ning tashkilotga qo‘shilishi mamlakat texnologik kompaniyalarining ASOCIO xalqaro tarmog‘i ishtirokchilari bilan aloqalar o‘rnatishi, hamkorlar topishi va yangi bozorlarga chiqishi uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.
Shuningdek, aʼzolik xalqaro tashabbuslarda ishtirok etish va mintaqadagi texnologik soha vakillari bilan hamkorlik qilish imkonini beradi.