O‘zbekiston

O‘zbekistonga Tailanddan 13 kg giyohvandlik moddasi olib kirilishiga yo‘l qo‘yilmadi

O‘zbekistonga Tailanddan 13 kg giyohvandlik moddasi olib kirilishiga yo‘l qo‘yilmadi
O‘zbekistonga Tailanddan 13 kg giyohvandlik moddasi olib kirilishiga yo‘l qo‘yilmadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston bojxona organlari Tailanddan 13,08 kilogramm gashish moyining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi. Tezkor tadbir doirasida mamlakatning ikki fuqarosi ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Tezkor tadbirlar “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi operativ bo‘linmalari hamda «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

5 sentyabr kuni Tailanddan aviareys bilan kelgan 51 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bojxona nazoratidan o‘tgan. Uning yuki ko‘zdan kechirilganda, xodimlar eʼtiborini uchta vino shishasi va ziravorlar solingan qadoqlar tortgan.

Olib qo‘yilgan moddalar ekspertiza o‘tkazish uchun Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasiga yuborilgan. Tekshiruv natijasida idishlarda o‘tkir hidli, tetragidrokannabinol saqlovchi to‘q jigarrang modda borligi aniqlangan. U O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan gashish moyi ekani identifikatsiya qilingan. Umumiy og‘irligi 7 kilogramm 580 grammni tashkil etgan.

Tezkor tadbirlar davomida erkak kuratorning ko‘rsatmasiga ko‘ra 1,8 ming dollar evaziga giyohvandlik moddalarini Samarqandga yetkazishi kerak bo‘lgani aniqlangan. Kurator Telegram orqali “Absolyut” taxallusi bilan faoliyat yuritgan.

Tezkor tadbir Samarqandda davom ettirilib, u yerda giyohvandlik moddalarini qabul qilib olishi kerak bo‘lgan 47 yoshli fuqaro ushlangan. Uning uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, vino shishalari, idish yuvish vositasi idishlari va shprislarga yashirilgan gashish moyi aniqlangan. Shuningdek, isteʼmol qilinganda mastlik holatini keltirib chiqaradigan quritilgan qo‘ziqorinlar ham topilgan.

Aniqlangan ikki turdagi giyohvandlik vositalarining umumiy og‘irligi qariyb 5,5 kilogrammni tashkil etgan. Bojxona organlari maʼlumotiga ko‘ra, ushlangan shaxs Telegram‘dagi «Right Ktrel» akkaunti kuratorining ko‘rsatmasiga asosan giyohvandlik moddalarini keyinchalik havola ko‘rinishida yuboriladigan manzillar bo‘yicha tarqatishi kerak bo‘lgan.

Ko‘p bosqichli tezkor tadbir natijasida 13 kilogramm 80 gramm gashish moyining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bunday miqdordagi giyohvandlik moddasi qariyb 200 ming kishini giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilishga jalb etish uchun yetarli bo‘lishi mumkin edi. Bojxona qo‘mitasi, shuningdek, olib qo‘yilgan moddalarning qora bozorda yakuniy isteʼmolchilarga sotilgandan keyingi ehtimoliy qiymatini 1,7 million dollardan ortiq deb baholagan.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.