Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sirdaryo viloyati Guliston tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yo‘lovchilarni tashish qoidalarini buzgan holda 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan Damas avtomobili haydovchisini to‘xtatdi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ichki ishlar boshqarmasi amaldagi Yo‘l harakati qoidalari transport vositasining texnik pasportida belgilanganidan ko‘proq yo‘lovchini tashishni taqiqlashini eslatdi.
Haydovchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-8-moddasi, yaʼni transport vositasida odamlarni tashish qoidalarini buzish bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, haydovchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, bunday qoidabuzarliklarning ehtimoliy oqibatlari tushuntirildi.