O‘zbekiston

Saidov Yaponiya biznesi bilan yangi loyihalarni muhokama qildi

Saidov Yaponiya biznesi bilan yangi loyihalarni muhokama qildi
Saidov Yaponiya biznesi bilan yangi loyihalarni muhokama qildi / Foto: O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Tokioda Yaponiya biznes federatsiyasi “Keydanren” raisi Takesi Xasimoto va Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Baxtiyor Saidov maʼlum qildi.

Tadbirda Mitsui O.S.K. Lines, Sojitz, All Nippon Airways, Shimizu, JETRO, Sumitomo, JBIC, Toyo Engineering, Toyota Tsusho, Marubeni, Mitsui, Mitsubishi va Yaponiyaning boshqa yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston–Yaponiya iqtisodiy hamkorligini yana-da rivojlantirishga asosiy eʼtibor qaratildi. Xususan, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar energetika, transport va logistika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda to‘qimachilik sanoati sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, tomonlar raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Saidovning taʼkidlashicha, ochiq va amaliy ruhda o‘tgan muloqot O‘zbekistonning Yaponiya biznesi bilan hamkorligini aniq loyihalar va yangi tashabbuslar bilan boyitish yo‘lidagi qadam bo‘ldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.