Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 17–19-sentabr kunlari Italiyaning Kadenabbiya shahrida Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Siyosat, iqtisodiyot va san’at sohasidagi xalqaro uchrashuvlar markazida “Global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo: o‘z strategiyalari, mintaqaviy xavfsizlik va yangi hamkorlikni shakllantirish” mavzusidagi xalqaro ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston delegatsiyalari ishtirok etmoqda. Delegatsiyalar tarkibidan parlamentlar, tashqi siyosat idoralari, ekspert va media hamjamiyatlari vakillari o‘rin olgan.
Muhokamalarda xalqaro tartibotning o‘zgarishi va Markaziy Osiyoning tobora ortib borayotgan roliga asosiy e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, savdo-sotiqni, transport hamda suv-energetika sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish umumiy taraqqiyot makonini shakllantirishga xizmat qilishi, mintaqaning subyektligi, barqarorligi va strategik avtonomiyasini mustahkamlashini ta’kidladilar.
“Markaziy Osiyo Yevrosiyo bog‘liqligining shakllanayotgan markazi sifatida” mavzusidagi taqdimot bilan so‘zga chiqqan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov global qiymat zanjirlari qayta shakllanayotgan sharoitda mintaqaning yangi geoiqtisodiy o‘rni haqidagi qarashlarini bayon etdi.
U Markaziy Osiyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar — ishonch, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy subyektlikning mustahkamlanishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan strategik yo‘nalishni to‘liq aks ettirishini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari faoliyatining dastlabki yillaridanoq Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar zamiriga ochiq muloqot, o‘zaro hurmat, oqilona murosa va yechimlarni birgalikda izlash tamoyillari qo‘yildi. Bunday yondashuv mintaqada yangi siyosiy muhitni shakllantirgan asosiy omillardan biriga aylandi.
Bugungi kunda mintaqa tobora ko‘proq geografik jihatdan olis hudud sifatida emas, balki transport bog‘liqligi, muhim mineral resurslar, “yashil” energetika, sanoat ishlab chiqarishi, raqamlashtirish va kengayib borayotgan ichki bozor makoni sifatida qabul qilinmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotining umumiy hajmi 2026-yilda ilk bor 600 milliard dollardan oshishi mumkin. Sanoat yiliga qariyb 6 foizga o‘smoqda, aholi soni 85 million kishiga yaqinlashmoqda, aholining qariyb yarmini esa 27 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar mintaqaning ishlab chiqarish, mehnat va iste’mol salohiyati tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
“Markaziy Osiyo endi Yevrosiyoning eng yirik bozorlari o‘rtasida joylashgan oddiy hudud emas. U mazkur bozorlarni o‘zaro bog‘lash va ayni paytda o‘z qo‘shilgan qiymatini yaratishga qodir mustaqil iqtisodiy markazga bosqichma-bosqich aylanmoqda”, — dedi A.Ne’matov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mintaqaning aynan shunday transformatsiyalashuvini Prezident Shavkat Mirziyoyev izchil ilgari surmoqda. Davlatimiz rahbari o‘zaro savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport yo‘laklarini rivojlantirish, shuningdek, yangi iqtisodiy imkoniyatlarning umumiy makonini yaratish tashabbuslarini ilgari surib kelmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, SMTI vakili BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2026-yil may oyida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” nomli maxsus rezolyutsiyaga alohida to‘xtaldi. Ushbu hujjatni ishlab chiqish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Mintaqaning barcha davlatlarini o‘z ichiga olgan 66 ta mamlakat rezolyutsiyaga hammuallif bo‘lgan.
Ekspertning fikricha, rezolyutsiyaning alohida ahamiyati shundaki, u nafaqat iqtisodiy integratsiyani yanada chuqurlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi, balki BMT tizimidagi tuzilmalarni mintaqaning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq innovatsiyalarni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va barqaror o‘sishga ko‘maklashishga chaqiradi.
“Mohiyatan, jahon hamjamiyati Markaziy Osiyoni o‘zaro bog‘langan, iqtisodiy jihatdan barqaror va o‘z kun tartibini mustaqil ravishda shakllantiradigan taraqqiyot makoniga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi”, — dedi u.
Markaziy Osiyoning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kengaytirish va tashqi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri O‘rta yo‘lak bo‘lib, so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalish orqali tashilgan yuklar hajmi qariyb 1,5 million tonnadan 4 million tonnadan ziyodga, konteynerlar oqimi esa 33 mingdan 77 ming TEUgacha — yigirma futlik konteyner ekvivalentigacha oshdi. Shu bilan birga, yiliga 15 million tonnagacha yuk o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi ilgari surilmoqda hamda janubiy yo‘nalish rivojlantirilmoqda.
A.Ne’matov faqat tranzit vazifasi bilan cheklanib qolmaslik zarurligiga e’tibor qaratdi. “Agar konteyner mintaqa hududidan shunchaki o‘tib ketsa, mamlakatlarimiz uchun iqtisodiy samara transport tarifidan olinadigan daromad bilan cheklanadi. Yo‘laklar bo‘ylab sanoat korxonalari va logistika markazlari tashkil etilib, qayta ishlash, servis, moliyaviy va raqamli xizmatlar rivojlantirilgandagina ancha yuqori samara yuzaga keladi. Mintaqa qo‘shilgan qiymat yaratiladigan markazga aylanishi lozim”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yondashuv Markaziy Osiyoning xalqaro hamkorlar bilan kelgusidagi munosabatlari asosini tashkil etishi zarur. Gap nafaqat uskunalar va kapital importi, balki texnologiyalar va muhandislik kompetensiyalarini transfer qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, kadrlar tayyorlash hamda Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilarini global qiymat zanjirlariga jalb etish haqida bormoqda.
Markaziy Osiyoning strategik avtonomiyasi haqida so‘z yuritar ekan, A.Ne’matov bu tashqi dunyodan uzoqlashishni anglatmasligini ta’kidladi. “Bu xalqaro iqtisodiyotga imkon qadar chuqur integratsiyalashish, sheriklik va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, yangi bozorlar, yo‘nalishlar, investitsiyalar va texnologiyalar manbalarini rivojlantirish hamda shu orqali mintaqa barqarorligini mustahkamlab, mustaqil tanlov uchun imkoniyatlarni kengaytirish qobiliyatidir”, — dedi u.
Ekspertning bahosiga ko‘ra, jahon tizimining parchalanishi va xalqaro iqtisodiy aloqalar qayta shakllanayotgan sharoitda Markaziy Osiyo mahsulot ishlab chiqaradigan, uni qayta ishlaydigan va qo‘shilgan qiymat yaratadigan global qiymat zanjirlarining faol bo‘g‘iniga aylanish imkoniyatiga ega.
Mintaqaviy integratsiyaning parlament o‘lchoviga bag‘ishlangan alohida sessiyada SMTI yetakchi ilmiy xodimi Shahlo Hamraxojayeva ma’ruza qildi. Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo allaqachon muhim natijalarga erishdi: siyosiy ishonch sezilarli darajada mustahkamlandi, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining keng tarmog‘i shakllandi, savdo, investitsiyalar va transport bog‘liqligi kengaydi. Navbatdagi vazifa erishilgan yaqinlashuvga barqaror va ortga qaytmas tus berishdan iborat.
Sh.Hamraxojayeva mintaqaviy hamkorlikni faqat bitimlar soni, savdo hajmi va infratuzilma loyihalari miqdori bilan emas, balki uning natijalari oddiy inson hayotida qay darajada namoyon bo‘layotgani bilan ham baholash zarurligini qayd etdi. Ya’ni yangi ish o‘rinlari yaratilayaptimi, chegaralarni kesib o‘tish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish osonlashayaptimi, chegaraoldi hududlaridagi hayot yaxshilanayaptimi — ana shu mezonlar muhimdir.
Shu munosabat bilan u parlamentlarning xalq vakilligi, nazorat hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi doimiy muloqotni ta’minlovchi institutlar sifatidagi rolini alohida ta’kidladi.
SMTI eksperti parlamentlarning barqaror va ijtimoiy rivojlanishni ta’minlashdagi rolini oshirish Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashabbuslaridagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ham qayd etdi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2022-yilda parlamentlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishdagi rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani, 2026-yil iyul oyida esa 167 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, parlamentlarning ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtirishdagi rolini oshirishga qaratilgan yangi rezolyutsiyani qabul qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda parlamentlararo hamkorlik uchun zarur infratuzilma allaqachon yaratilgan. Shu sababli asosiy e’tiborni mavjud mexanizmlarni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratish lozim. Xususan, ijtimoiy yo‘naltirilgan mintaqaviy kun tartibini kuchaytirish, erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash, savdo, transport, ta’lim, mehnat mobilligi va tadbirkorlik yo‘lidagi huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish nazarda tutilmoqda.
Ekspert navbatdagi qadam sifatida doimiy faoliyat yurituvchi parlamentlararo muvofiqlashtiruvchi organni tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Uning vazifalari qatoriga mintaqaviy kelishuvlar ijrosini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy samarasini baholash, qo‘shma eshituvlar o‘tkazish hamda fuqarolar manfaatlariga bevosita daxldor masalalarni hal etishga ko‘maklashish kirishi mumkin.
Uning fikricha, bunday format mintaqaviy siyosatning barqarorligini mustahkamlash, davlatlar rahbarlari darajasida erishilgan qarorlarni izchil amalga oshirish, shuningdek, yaqinlashuv jarayonining davomiyligi va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘tkazilgan muhokamalar Markaziy Osiyo davlatlari vakillarining xalqaro jarayonlar va mintaqaning kelajagini baholash borasidagi yondashuvlari mushtarak ekanini ko‘rsatdi. Markaziy Osiyo subyektligini yanada mustahkamlash ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini saqlash, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va transport aloqalarini rivojlantirish, jamoatchilik o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda pozitsiyalarni yanada yaqin muvofiqlashtirish bilan bevosita bog‘liq ekani borasida yakdil fikr bildirildi.
Ishtirokchilar mintaqaning imkoniyatlarini kengaytiradigan, uning barqarorligi va mustaqilligini mustahkamlaydigan ochiq va diversifikatsiyalashgan hamkorlik modeli muhimligini ham ta’kidladilar. Yevropalik hamkorlar Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida transport bog‘liqligi, sanoat kooperatsiyasi, inson kapitali va barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish istiqbollariga alohida qiziqish bildirdilar.
Ishtirokchilarning umumiy fikriga ko‘ra, ko‘p markazli dunyo shakllanayotgan sharoitda Markaziy Osiyo mustaqil, barqaror va hamkorlikka ochiq mintaqa, shuningdek, Yevropa va Osiyoning yirik iqtisodiy makonlarini o‘zaro bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun tarixiy imkoniyatga ega bo‘lmoqda.