Turizm

O‘zbekiston va Etihad Airways turizm sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Etihad Airways turizm sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Etihad Airways turizm sohasida hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov Birlashgan Arab Amirliklarida Etihad Airways aviakompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.

Tomonlar aviatsiya va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro bozorlarda ilgari surish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

2026 yil 9 avgustdan yo‘lga qo‘yilgan Abu-Dabi — Toshkent yo‘nalishidagi muntazam kunlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yangi aviaqatnov ikki mamlakat o‘rtasida turistik, ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyodan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotganini taʼkidladi.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri Etihad Airways va Uzbekistan Airways o‘rtasidagi kodshering kelishuvi bo‘lib qolmoqda.

Ushbu kelishuv tufayli Etihad Airways yo‘lovchilari Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, Termiz, Farg‘ona, Namangan va Andijonga safarlarini davom ettirishlari mumkin. Bu xalqaro bozorlarda nafaqat poytaxt, balki O‘zbekistonning boshqa muhim turistik markazlarini ham targ‘ib qilish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Turizm qo‘mitasi va Etihad Airways qo‘shma marketing dasturini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Hujjat O‘zbekistonning turistik salohiyati va Abu-Dabi — Toshkent yo‘nalishini aviakompaniyaning asosiy xalqaro bozorlarida birgalikda targ‘ib qilish, mamlakatning turistik imiji va tanilishi darajasini oshirish, shuningdek, turistik talabni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Tomonlar, shuningdek, «Abu-Dabi + O‘zbekiston» qo‘shma turistik mahsulotini yaratish, uchinchi mamlakatlardan sayyohlarni jalb qilish uchun Etihad Airways xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘idan foydalanish, shuningdek, raqamli turistik mahsulotlar va loyallik dasturlari sohasida tajriba almashish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Erishilgan kelishuvlarni amaliy tatbiq etish maqsadida tomonlar ishchi darajadagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.