Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airways va Dubayda joylashgan Flydubai aviakompaniyasi interlayn kelishuvini imzoladi. Ushbu kelishuv ikki aviakompaniyaning yo‘nalishlar tarmog‘ini birlashtirib, Dubay va Toshkent orqali sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu haqda aviakompaniyalar xabar berdi.
Uzbekistan Airways yo‘lovchilari Dubayda qo‘nish orqali Flydubai‘ning 40 dan ortiq yo‘nalishiga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Flydubai yo‘lovchilari esa Toshkent orqali Uzbekistan Airways yo‘nalishlar tarmog‘idan foydalanib, O‘zbekiston, Rossiya va Yevropa shaharlariga safarini davom ettirishi mumkin.
2026 yil 21 sentyabrdan boshlab Uzbekistan Airways‘ning rasmiy saytida Dubayda ulanish bilan amalga oshiriladigan parvoz variantlari paydo bo‘ladi. Ular orasida aviakompaniyaning avvalgi yo‘nalishlar tarmog‘iga kirmagan Addis-Abeba, Nayrobi va Zanzibar yo‘nalishlari ham bo‘ladi. Shuningdek, yo‘lovchilarga Ammon, Bahrayn, Doha, Piza, Neapol, Masqat, Salala va Male yo‘nalishlari ham taqdim etiladi.
Flydubai yo‘lovchilari uchun yangi imkoniyatlar 15 sentyabrdan boshlab mavjud bo‘ladi. Ular Toshkent orqali Rossiyaning Irkutsk va Krasnoyarsk shaharlariga, shuningdek, Frankfurt, London, Milan, Myunxen, Parij va Rimga safarini davom ettirishi mumkin. Bundan tashqari, Uzbekistan Airways yo‘nalishlar tarmog‘i Flydubai yo‘lovchilariga Toshkent orqali Buxoro, Farg‘ona va Urganchga yetib borish imkonini beradi.
Interlayn kelishuvi doirasida yo‘lovchilar butun yo‘nalish uchun yagona chipta rasmiylashtirishi, bagajni esa yakuniy manzilgacha ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Yo‘nalishning barcha segmentlari uchun yagona posadka talonini rasmiylashtirish imkoniyati keyinroq joriy etiladi.
«Uzbekistan Airways» AJ boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulovning taʼkidlashicha, kelishuv ikki aviakompaniyaning yo‘nalishlar tarmog‘ini birlashtirish, yo‘nalishlar tanlovini kengaytirish va xalqaro safarlarni yana-da qulaylashtirish imkonini beradi.
Flydubai ijrochi direktori Geyt Al Geytning qayd etishicha, hamkorlik BAA va O‘zbekiston o‘rtasida sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya 2019 yilda Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yganidan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi safarlarga barqaror talab kuzatilmoqda.
Ayni vaqtda Flydubai‘ning yo‘nalishlar tarmog‘i 56 ta davlatdagi 125 dan ortiq yo‘nalishni qamrab oladi. Aviakompaniya floti 95 dan ortiq Boeing 737 samolyotidan iborat.
Yangi yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalar savdosi Flydubai tomonida 15 sentyabrdan, Uzbekistan Airways‘ning rasmiy saytida esa 21 sentyabrdan boshlanadi.