Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda bank aktivlari sifatini tasniflash hamda ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirishning yangi tartibi belgilandi.
Adliya vazirligi tegishli idoraviy normativ hujjatni 2026 yil 10 sentyabrda 3937-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjat banklarda, jumladan, mikromoliya banklari va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda aktivlarni tasniflash, shuningdek, ehtimoliy yo‘qotishlar uchun zaxiralarni shakllantirish va ulardan foydalanish qoidalarini belgilaydi.
Aktivlar sifatining beshta toifasidan biriga kiritiladi: “standart”, “substandart”, “qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz”. Har bir toifa uchun zaxira shakllantirish meʼyorlari tegishlicha 1, 10, 25, 50 va 100 foiz miqdorida belgilangan.
Tasniflashda obyektiv omillar va majburiyatlarning qaytarilish ehtimoliga asoslangan mezonlar hisobga olinadi. Turli mezonlar bo‘yicha baholash natijalari farq qilsa, aktivga sifatning pastroq toifasi beriladi.
Banklar, nobank kredit, sug‘urta va lizing tashkilotlariga berilgan aktivlar uchun alohida mezonlar ham nazarda tutilgan.
Restrukturizatsiya qilingan aktivlar sifatini yaxshilash uchun belgilangan shartlarga rioya qilish va kamida olti yoki 12 oy davom etadigan sinov davridan o‘tish talab etiladi.
Shakllantirilgan zaxiralar kamida oyiga bir marta qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
2028 yil 1 yanvardan boshlab muammoli aktivlarga «foiz hisoblanmasin» maqomi beriladi. Bunda hisoblangan, ammo olinmagan foizlar va boshqa daromadlar balansdan tashqari hisobvaraqlarga o‘tkaziladi.
Shakllantirilgan zaxiralar hisobidan aktivlarni balansdan tashqari hisobvaraqlarga o‘tkazish, shuningdek, ularni hisobdan chiqarish qarz majburiyatlarini bekor qilmaydi.