Iqtisod

O‘zbekiston va Qozog‘iston avtomobil tranzitini yengillashtiradi

O‘zbekiston va Qozog‘iston avtomobil tranzitini yengillashtiradi
O‘zbekiston va Qozog‘iston avtomobil tranzitini yengillashtiradi / Foto: Transport vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Bunga jarayonlarni raqamlashtirish va «uzluksiz tranzit» mexanizmini joriy etish ham kiradi. Bu haqda 13 sentyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha Qo‘shma komissiya yig‘ilishi yakunlari maʼlum bo‘ldi.

Yig‘ilish O‘zbekiston transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov va Qozog‘iston transport vaziri o‘rinbosari Maksat Kaliakparov rahbarligida o‘tkazildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Transport vazirligi.

Tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlarini yana-da rivojlantirish, yuk va yo‘lovchi tashish hajmlarini oshirish, ruxsat berish tizimini takomillashtirish hamda ikki davlatning tranzit salohiyatini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, «uzluksiz tranzit» mexanizmini joriy etish bo‘yicha ikki tomonlama Ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Mexanizm xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi tartib-taomillarni soddalashtirish va raqamlashtirish, maʼmuriy to‘siqlarni kamaytirish hamda elektron hujjat aylanishiga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, tomonlar 2027 yildan boshlab avtomobil transportida muntazam bo‘lmagan xalqaro yo‘lovchi tashuvlari uchun ruxsatnomalarning elektron blankalari tizimini joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.

Yig‘ilishda avtomobil-transport infratuzilmasini rivojlantirish va transport nazorati samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlab, erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan taʼminlashga kelishib oldi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.