Kosonsoyda $35 mlnlik chorvachilik majmuasi quriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati Kosonsoy tumanida qiymati $35 mln bo‘lgan zamonaviy chorvachilik majmuasi qurilishi boshlandi. Loyiha bir vaqtning o‘zida 15 ming boshgacha qoramol saqlash uchun ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni nazarda tutadi. Bu haqda Kosonsoy tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kosonsoy tumani O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 12 maydagi 179-son qaroriga muvofiq chorvachilikka ixtisoslashtirilgan hudud sifatida belgilangan. Hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida «Yangi O‘zbekiston» mahallasida «Namangan Chorva Invest Holding» MCHJ tomonidan barpo etiladigan majmua qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
Majmua 14,7 gektar maydonda joylashadi. Uchastka umumiy maydonining qariyb 30 foizini yashil hududlarga ajratish rejalashtirilgan.
Loyiha 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan. Uni amalga oshirish chorvachilik uchun zamonaviy infratuzilma yaratish, naslchilik yo‘nalishini kengaytirish va sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutadi.
Qurilish boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, keksa avlod vakillari, soha mutaxassislari va tuman aholisi ishtirok etdi.
Qurilish ishlari boshlanishidan oldin anʼanaviy qurbonlik marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng oqsoqollar ishtirokida ishlar muvaffaqiyatli yakunlanishi tilab duolar qilindi. Keyin qurilish ishlariga rasman start berildi.
Loyihaning amalga oshirilishi Kosonsoy tumanida chorvachilikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi va aholi daromadlarining oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.