O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda chakana savdo aylanmasi 20,2 foizga oshdi

Dilafro'z Niyazova · 30.08.2026 · 11:45 · 32 views
O‘zbekistonda chakana savdo aylanmasi 20,2 foizga oshdi
O‘zbekistonda chakana savdo aylanmasi 20,2 foizga oshdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil yanvar–iyul oylarida chakana savdo aylanmasi 310 901,9 mlrd so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan real hisobda 20,2 foizga ko‘p. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 avgust holatiga mamlakatda 90 683 ta chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tijorat korxonasi faoliyat yuritgan. Ulardan 424 tasi yirik, 90 259 tasi kichik korxona va mikrofirmalar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Yirik korxonalar tovar aylanmasi 55 228,1 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘sish surʼati 126,9 foiz bo‘lgan. Kichik tadbirkorlik subyektlarining tovar aylanmasi esa 255 673,8 mlrd so‘mga yetib, 118,9 foizga oshgan.

Chakana tovar aylanmasining eng yuqori o‘sish surʼati Xorazm viloyatida 125,9 foiz, Jizzax viloyatida 123,8 foiz va Toshkent shahrida 123,7 foizni tashkil etdi. Eng kam o‘sish Buxoro viloyatida qayd etildi — 110,9 foiz.

Kichik tadbirkorlik subyektlarining chakana tovar aylanmasidagi ulushi 2025 yildagi 82,2 foizdan 2026 yilda 83,2 foizga oshdi. Shu bilan birga, yirik tashkilotlarning ulushi 17,8 foizdan 16,8 foizga kamaydi.

2026 yil yanvar–iyul oylarida respublikada ulgurji savdo aylanmasi 396 827,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu 2025 yilning shu davridagi 326 594,8 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichga nisbatan 15 foizga ko‘p. 1 avgust holatiga ushbu sohada 57 163 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lib, ularning 421 tasi yirik, 56 742 tasi kichik korxona va mikrofirmalardan iborat.

Yirik korxonalarning ulgurji tovar aylanmasi 104 578,7 mlrd so‘mga yetdi va o‘sish surʼati 131,7 foizni tashkil qildi. Kichik tadbirkorlik subyektlarining tovar aylanmasi 292 248,9 mlrd so‘m bo‘lib, 110 foizga oshdi. Kichik biznesning ulgurji savdoning umumiy hajmidagi ulushi 73,6 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida ulgurji tovar aylanmasining eng yuqori o‘sishi Jizzax viloyatida qayd etildi — 119,5 foiz. Xorazm viloyatida bu ko‘rsatkich 118,1 foizni tashkil qildi. Eng kam o‘sish Farg‘ona viloyatida 110,6 foiz va Namangan viloyatida 110,8 foiz bo‘ldi.

2026 yil yanvar–iyul oylarida umumiy ovqatlanish korxonalarining tovar aylanmasi 170 976,1 mlrd so‘mni tashkil etib, real hisobda 16,7 foizga oshdi. 1 avgust holatiga ushbu sohadagi korxonalar soni 29 582 taga yetdi. Ularning 147 tasi yirik korxona, 29 435 tasi kichik korxona va mikrofirmalardir.

Kichik tadbirkorlik subyektlarining umumiy ovqatlanish sohasi tovar aylanmasidagi ulushi 77,6 foizni, yirik korxonalar ulushi esa 22,4 foizni tashkil etdi.