Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elektr energetikasi sohasida loyihalarni tanlash mexanizmni o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Investorlar tashabbusiga asoslangan yondashuv o‘rniga davlat yangi quvvatlarga bo‘lgan ehtiyojni oldindan belgilaydi va tayyorlangan maydonlarni ochiq tanlovlar orqali taklif qiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni yoqilg‘i-energetika sohasi investorlari bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Davlat rahbari qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishning dastlabki bosqichida kompaniyalar ko‘p hollarda obyektlar qurish uchun joylarni mustaqil ravishda taklif qilganini eslatdi. Bu quyosh va shamol elektr stansiyalarini tezroq ishga tushirish hamda katta miqdorda investitsiya jalb qilishga yordam berdi.
Biroq bunday amaliyot natijasida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi obyektlar ayrim hududlarda to‘planib qoldi. Bu esa mamlakatning boshqa hududlaridagi isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berish xarajatlari oshishiga olib keldi. Prezidentning fikricha, sohani keyingi bosqichda rivojlantirishda faqat alohida loyihalar emas, balki butun energetika tizimining ehtiyojlari hisobga olinishi lozim.
Yangi yondashuvga muvofiq, hokimiyat organlari har bir hudud uchun zarur elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini belgilaydi. Shundan so‘ng loyihalar shakllantirilib, raqobatli savdolarga chiqariladi. Investorlar loyihalarni amalga oshirish shartlari, jumladan, yer uchastkalarining joylashuvi, elektr tarmoqlariga ulanish parametrlari va muddatlari, elektr energiyasini xarid qilish hamda hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi bilan oldindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Mirziyoyev, shuningdek, bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish zarurligini taʼkidladi.
To‘lov intizomini taʼminlash va investitsiya xatarlarini kamaytirishga yordam beradigan vositalarga ham alohida eʼtibor qaratilishi rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda umumiy quvvati 2 200 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarining oltita loyihasi bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi. Prezident manfaatdor kompaniyalarni ushbu tanlovlarda ishtirok etishga taklif qildi.
Energetika sohasidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash tizimini isloh qilish masalasi 22 sentyabr kuni ham muhokama qilingan edi. O‘shanda yer uchastkalarini kelishish, elektr tarmoqlariga ulanish, tariflar va investitsiya bitimlari shartlarini turli davlat idoralari bilan muvofiqlashtirish loyihalarni ishga tushirish jarayonini murakkablashtirishi va cho‘zib yuborishi taʼkidlangandi.
Bundan tashqari, amaldagi tartib idoralar vazifalarining takrorlanishiga olib kelishi va elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talabni hisobga olgan holda rejalashtirishni qiyinlashtirishi mumkin.
Taklif etilayotgan tizimga ko‘ra, dastlab davlat elektr energiyasiga bo‘lgan istiqbolli ehtiyojni baholaydi, keyin esa zarur ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilmani belgilaydi. Investorlarga texnik shartlari oldindan aniqlangan loyihalar taklif etiladi.
16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Prezident energetika sohasida umumiy qiymati 4,7 mlrd dollar bo‘lgan oltita yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolanganini ham maʼlum qildi.
Ushbu loyihalar 3 000 MVt quvvatga ega elektr energiyasi ishlab chiqarish obyektlarini hamda 400 MVt quvvatli elektr energiyasini saqlash tizimlarini barpo etishni nazarda tutadi.