Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 12 oktyabr kuni «Transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-368-son qarorni imzoladi.
Hujjatda 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan soha maqsadli ko‘rsatkichlari belgilangan. Jumladan, barcha talablarga javob beradigan xalqaro quruq portlar sonini 24 tadan 30 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Transport-logistika markazlariga soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi.
2030 yilga kelib transport-logistika markazlarining yillik quvvati kamida 40 million tonnani tashkil etishi kerak. Transport va logistika xizmatlari eksportini 3,5 milliard dollarga, O‘zbekiston hududi orqali tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarining yuklar bo‘yicha o‘tkazish quvvati hamda logistika markazlarining konteynerlarga ishlov berish imkoniyatlari ikki baravar oshirilishi lozim.
Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, shuningdek, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish tizimlari (TOS) va omborlarni boshqarish tizimlari (WMS) joriy etiladi. 2030 yil oxiriga qadar ular Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulanadi.
2040 yilgacha transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod etiladi. Buning uchun markaz Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyaning (ESKATO) Quruq portlar to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimiga kiritilgan bo‘lishi, TOS va WMS tizimlarini joriy etgan bo‘lishi hamda “E-logistika” platformasida “BB” yoki undan yuqori reytingga ega bo‘lishi kerak.
Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar 2029 yil 1 avgustga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ombor uskunalari, yuklash-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona boji hamda majburiy sertifikatlashdan ozod etiladi.
2026 yil 1 noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini rasmiylashtirish uchun undiriladigan bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga kamaytiriladi.
Bundan tashqari, 2027 yil 31 dekabrga qadar M2, M3 va N toifalariga mansub transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan butlovchi qismlarni bojxona bojisiz olib kirishlari mumkin bo‘ladi.