Shoshilinch
Iqtisod

O‘zbekiston va Sumitomo energetika loyihalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Sumitomo energetika loyihalarini muhokama qildi
O‘zbekiston va Sumitomo energetika loyihalarini muhokama qildi / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 13 oktyabr kuni Sumitomo Corporation prezidenti va bosh ijrochi direktori Singo Ueno hamda Shikoku Electric Power prezidenti Yosixiro Miyamoto bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘ldi.

Tomonlar Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash qurilmalarini qurish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv ishtirokchilari hamkorlikning boshqa istiqbolli yo‘nalishlarini ham ko‘rib chiqdilar. Ular qatoriga elektr uzatish liniyalari uchun po‘lat troslar ishlab chiqarishni tashkil etish, tez tibbiy yordam avtomobillarini yetkazib berish va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish kiradi.

Shuningdek, Yaponiyaning erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish bo‘yicha tajribasini qo‘llash masalasi alohida muhokama qilindi.

Sumitomo Corporation metallurgiya, tabiiy resurslar, energetika, infratuzilma, transport, avtomobilsozlik, media va raqamli texnologiyalar kabi bir qator sohalarda faoliyat yuritadi.

Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, kompaniyaning 63 ta mamlakat va hududda 125 ta ofisi mavjud.

Shikoku Electric Power energetika sohasida faoliyat olib borish bilan birga, telekommunikatsiyalar, axborot texnologiyalari yechimlari, muhandislik va qurilish yo‘nalishlarini ham rivojlantirmoqda.

Kompaniya dunyoning 10 dan ortiq mamlakatida loyihalarni amalga oshiradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.