Shoshilinch
Iqtisod

Farg‘ona va Yaponiyaning Maydzuru shahri hamkorlikni kengaytiradi

Farg‘ona va Yaponiyaning Maydzuru shahri hamkorlikni kengaytiradi
Farg‘ona va Yaponiyaning Maydzuru shahri hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Farg'ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati va Yaponiyaning Maydzuru shahri turizm, madaniyat, sport va investitsiyalar sohalarida hududlararo hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

 

Bu masalalar Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaga amaliy tashrifi davomida muhokama qilindi.

Delegatsiya tarkibidan Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov ham o‘rin oldi. Maydzuru shahrida viloyat vakillari shahar meri Komoda Akitsu va shahar deputatlar kengashi raisi Kimotsuki Ryudzi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tomonlar ikki hudud salohiyatidan yana-da samarali foydalanish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Maydzuru shahri va Rishton tumani avvaldan egizak hududlar maqomiga ega.

Uchrashuvlar ishtirokchilari mavjud aloqalarni rivojlantirish va hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Erishilgan kelishuvlardan biri Rishton tumanida «Maydzuru kunlari», Yaponiyaning Maydzuru shahrida esa «Farg‘ona kunlari»ni o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif doirasida delegatsiya Maydzuru maʼmuriyati huzurida tashkil etilgan «Qizil g‘isht» muzeyi va shahar Memorial muzeyiga ham bordi.

Farg‘ona viloyati vakillari shahar tarixi, madaniy merosi va Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq eksponatlar bilan tanishdi.

Shuningdek, delegatsiya «Xotira va tinchlik» tadbirida ishtirok etib, urush qurbonlari xotirasini yod etdi.

Tomonlar Farg‘ona viloyati va Maydzuru shahri muzeylari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishga ham kelishib oldi.

Tashrif Farg‘ona viloyati va Yaponiyaning Maydzuru shahri o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, madaniyat, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.