Iqtisod

AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors‘ga qiziqish bildirdi

AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors‘ga qiziqish bildirdi
AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors‘ga qiziqish bildirdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors‘ni sotib olishga qiziqish bildirgan.

Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi potensial xaridorlardan birortasiga ustunlik berishni rejalashtirmayapti va xususiylashtirish jarayonini raqobat asosida o‘tkazishni ko‘zlamoqda. Bu haqda 8 oktyabr kuni matbuot anjumanida DXA direktori Sohibjon Murodov maʼlum qildi.

Agentlik rahbarining taʼkidlashicha, UzAuto Motors‘ni xususiylashtirishga tayyorlash ishlari qariyb ikki yildan beri davom etmoqda.

Muhim bosqichlardan biri o‘tgan yili xalqaro konsalting kompaniyasi Alvarez & Marsal‘ni jalb qilish bo‘ldi. U xalqaro audit o‘tkazish, tahliliy materiallar tayyorlash va avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonani sotishga tayyorlash uchun zarur ishlarni bajarish maqsadida tanlov asosida saralab olingan.

Murodovning so‘zlariga ko‘ra, Alvarez & Marsal kompaniyasining tanlanishi uning avtomobil sanoatidagi yirik xalqaro bitimlarga hamrohlik qilish tajribasi va sohaviy mutaxassislarga ega ekani bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, muayyan kompaniyalarning qiziqish bildirgani aynan ular UzAuto Motors‘ni sotib olishini anglatmaydi. Murodov bu jihatga alohida eʼtibor qaratib, aktivni sotib olish uchun ariza berish yoki bunday niyatni omma oldida bildirish potensial investorga hech qanday kafolat bermasligini taʼkidladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari bo‘lajak bitim oldindan belgilab qo‘yilgan xaridor atrofida qurilmasligini maʼlum qildi.

Davlat xalqaro raqobatli tartib-taomil doirasida investorlar uchun xususiylashtirish jarayonida ishtirok etish imkoniyatini ochmoqchi.

Hozirda agentlik bo‘lajak xususiylashtirish modelini shakllantirmoqda va keyingi bosqichlarga o‘tish muddatlarini belgilamoqda. Shundan so‘ng savdolarni tashkil etish uchun masʼul bo‘ladigan xalqaro maslahatchini jalb qilish rejalashtirilgan.

Keyingi bosqichda UzAuto Motors‘ning mustaqil xalqaro baholashi va aktivni har tomonlama tekshirish jarayoni — due diligence o‘tkaziladi. Tayyorgarlik ishlari yakunlanganidan keyin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xalqaro axborot kanallari, shuningdek, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari orqali xususiylashtirish jarayoni boshlanganini eʼlon qilishni rejalashtirmoqda.

Potensial investorlarga dastlab o‘z qiziqishlarini bildirish imkoniyati beriladi. Keyingi bosqichda majburiyat yuklamaydigan, so‘ngra esa majburiy kuchga ega takliflarni taqdim etish tartibi nazarda tutilgan.

Eng maqbul takliflarni taqdim etgan investorlar bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bunda bitim shartlari davlat talablarini, jumladan, litsenziya shartlari va ularning amal qilish muddatlarini hisobga olgan holda belgilanadi. Barcha belgilangan tartib-taomillardan o‘tilganidan keyin xususiylashtirish natijalari eʼlon qilinadi.

Sentyabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors‘ni sotish ochiq va raqobat asosida amalga oshirilishi kerakligi haqida xabar bergan edi.

Avval eʼlon qilingan yondashuvga ko‘ra, qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor jarayonda ishtirok etishi mumkin. Bunda ayrim talabgorlarga alohida imtiyozlar yoki ustunlik huquqi berilmaydi.

Xususiylashtirishga tayyorgarlik tasdiqlangan dastur doirasida olib borilmoqda. Xalqaro maslahatchi Alvarez & Marsal UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain kompaniyalarini har tomonlama tekshirmoqda.

Bitim doirasida UzAuto Motors‘ning 99,7 foiz ulushi va UzAuto Motors Powertrain‘ning 100 foiz ulushini sotish ko‘zda tutilgan.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.