Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 11 oktyabr kuni O‘zbekistonda Yandex Go‘ning ayrim xizmatlari vaqtincha ishlamay qoldi yoki uzilishlar bilan ishlamoqda. Yandex Uzbekistan kompaniyasi texnik muammolar mavjudligini tasdiqlab, mutaxassislar platformani qayta tiklash ustida ishlayotganini maʼlum qildi.
Kompaniya hozircha nosozlikni bartaraf etishning aniq muddatini ayta olmayapti. Yandex Uzbekistan vakillari O‘zbekistondagi uzilishlar Rossiyadagi “Yandeks” infratuzilmasida yuz bergan hodisa bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligiga ham aniqlik kiritmadi.
«Hozir Yandex Go‘ning O‘zbekistondagi ayrim xizmatlari ishlamayapti yoki uzilishlar bilan ishlamoqda. Hozircha aniq muddatni ayta olmaymiz, ammo bu yerda tekshirilgan maʼlumotlarni berib boramiz. Kundalik ishlaringizda yana yordam bera olishimiz uchun xizmatlarimiz tezroq tiklanishini intiqlik bilan kutyapmiz», — deyiladi Yandex Uzbekistan xabarida.
11 oktyabr kuni ertalab Yandex Cloud Vladimir shahridagi maʼlumotlar markazi infratuzilmasi dronlar hujumi oqibatida shikastlanganini maʼlum qildi. Obyekt faoliyati to‘liq to‘xtatilgan. Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q, hodisa joyida tegishli xizmatlar ish olib bormoqda.
Dastlab mutaxassislar Yandex Cloud‘ning mavjudlik zonalaridan birida elektr taʼminoti bilan bog‘liq uzilishlarni qayd etgan. Keyinchalik bulutli platforma favqulodda ishlash rejimiga o‘tkazilib, ayrim xizmatlar boshqa zonalarga ko‘chirilgan. Baʼzi komponentlar esa cheklovlar bilan ishlashda davom etgan.
“Yandeks” xizmatlaridagi muammolar haqida boshqa mamlakatlardagi foydalanuvchilar ham xabar bergan. Rossiyadagi uzilishlar Yandex Go, «Yandeks Yeda», «Yandeks Karti», Yandex Pro va kompaniyaning bulutli infratuzilmasidan foydalanuvchi bir qator tashqi servislarga taʼsir ko‘rsatgan.
Yandex Uzbekistan nosozlik va xizmatlar faoliyatini tiklash muddatlari haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanganidan so‘ng qo‘shimcha axborot berishini bildirdi.