Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qozog‘iston milliy IT-ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro bozorlarga chiqish uchun qo‘shma loyihalarni rivojlantirish niyatida. Bu masalalar O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Qozog‘iston elchisi Yerali Tug‘janov o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri IT Park Uzbekistan va Qozog‘istonning Astana Hub markazi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi.
Tomonlar ikki mamlakat texnologik ekotizimlari o‘rtasida raqobatga emas, balki tajriba almashish, resurslarni birlashtirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Xususan, startaplar va IT-kompaniyalarni birgalikda rivojlantirish, O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlariga chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ishlanmalarni xorijda ilgari surish uchun sharoit yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, bunday yondashuv nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham yangi imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Mintaqaviy texnologik kompaniyalar va startaplarni xalqaro maydonda ilgari surish, xorijiy investorlar va texnologik kompaniyalarni jalb qilish, shuningdek, yagona mintaqaviy IT-brendni shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shermatov va Tug‘janov raqamli infratuzilma, sunʼiy intellekt, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari hamda innovatsion loyihalar sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar IT Park Uzbekistan va Astana Hub o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda Markaziy Osiyoni texnologik hamkorlik, investitsiyalar va innovatsiyalar mintaqaviy markazi sifatida ilgari surish zarurligini taʼkidladi.